Parij, French Healthcare Business Forum 2026

news_in

21.01.2026

 

2026 yil 19–21 yanvar kunlari Parij shahrida bo‘lib o‘tayotgan French Healthcare Business Forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining tashrifining ikkinchi kunida
Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika Ixtisoslashtirilgan Xirurgiya Ilmiy-Amaliy Tibbiyot Markazi delegatsiyasi markaz direktori Ismailov Saidmurat Ibragimovich boshchiligida hamda
Respublika Ilmiy Markazi Shoshilinch Tibbiy Yordam delegatsiyasi bosh direktori Tulyaganov Davron Baxtiyarovich rahbarligida Fransiyaning yetakchi klinikalaridan biri — Foch Hospitalga tashrif buyurdi.

Foch Hospital — Fransiyaning tan olingan ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bo‘lib, yuqori darajadagi jarrohlik yordami, organ transplantatsiyasi bo‘yicha rivojlangan dasturlari, zamonaviy onkologik va abdominal jarrohlik amaliyoti hamda faol ilmiy-ta’limiy faoliyati bilan mashhur. Klinika ilg‘or tibbiy texnologiyalar, zamonaviy operatsion majmualar va samarali mutaxassislar tayyorlash tizimini o‘zida mujassam etgan.

Tashrif davomida delegatsiya jarrohlik xizmatini tashkil etish, operatsion bloklar faoliyati, operatsiyadan keyingi bemorlarni olib borish tizimi va ta’lim dasturlari bilan yaqindan tanishdi. Markaz mutaxassislari barcha qiziqtirgan professional savollarga javob oldilar hamda kelgusidagi hamkorlikning amaliy jihatlarini muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida Xirurgiya Markazi bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi. Memorandum quyidagilarni nazarda tutadi:

• Markaz jarrohlari uchun stajirovka va klinik tajriba almashinuvi
• O‘zbekistonda fransuz mutaxassislari ishtirokida master-klass va ma’ruzalar tashkil etish
• qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va nashrlar
• klinik va ta’limiy tajriba almashish

Erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston jarrohlik xizmatiga ilg‘or fransuz amaliyotlarini joriy etish hamda uzoq muddatli professional hamkorlikni shakllantirishga xizmat qiladi.