Iskander Muhamedovich Baybekov (1944–2026)
2026-yil 22-noyabr kuni 82 yoshida taniqli olim, tibbiyot fanlari doktori, professor, patologik anatomiya, eksperimental morfologiya va lazer tibbiyoti sohalari mutaxassisi Iskander Muhamedovich Baybekov vafot etdi.
Iskander Muhamedovich 1944-yil 30-iyulda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1967-yilda Toshkent davlat tibbiyot institutini imtiyozli diplom bilan tamomlab, ilmiy faoliyatini akademik K.A. Zufarov rahbarligidagi elektron mikroskopiya laboratoriyasida boshlagan.
1970-yillarning ikkinchi yarmidan uning ilmiy faoliyati akademik V. Vohidov nomidagi Xirurgiya markazi bilan bog‘liq bo‘lgan. 1980-yildan Markazning patologik anatomiya laboratoriyasiga rahbarlik qilgan. 1988-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan, 1990-yilda professor ilmiy unvonini olgan.
Professor I.M. Baybekov O‘zbekistonda lazer tibbiyoti, eksperimental morfologiya va patologik anatomiya sohalari rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan. Uning rahbarligida 35 ta doktorlik va 100 dan ortiq nomzodlik dissertatsiyalari bajarilgan. Olim 600 dan ortiq ilmiy maqola, 20 dan ortiq monografiya va 10 dan ortiq ixtiroga oid mualliflik guvohnomalari muallifi bo‘lgan.
Uning ko‘p yillik ilmiy faoliyati, yaratgan ilmiy maktabi va tarbiyalagan shogirdlari mamlakatimiz tibbiyot fani rivojida muhim o‘rin tutadi.
Akademik V. Vohidov nomidagi Xirurgiya markazi jamoasi marhumning oila a’zolari, yaqinlari, hamkasblari va shogirdlariga samimiy hamdardlik bildiradi.
Ustozning yorqin xotirasi hamkasblari va shogirdlari qalbida saqlanib qoladi.
Alloh rahmatiga olsin, joylari jannatda bo‘lsin.