MRT uchun 25% chegirma 18:00 dan keyin. Bizning xirurgiya markazi xalqimiz uchun shanba kuni qo‘shimcha faoliyat yuritadi.

Oʻzbekistonda ilk bor: laparoskopik jigar transplantatsiyasi

news_in

11.10.2026

O‘zbekiston transplantologiyasida yangi bosqich: ilk bor tirik donor jigarini laparoskopik usulda rezeksiya qilish rejalashtirilmoqda

2026-yil 10–16-oktabr kunlari Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida Xitoyning Shanxay shahrida joylashgan «Renji Hospital» klinikasining yetakchi mutaxassislari ishtirokida jigar transplantatsiyasi bo‘yicha qo‘shma jarrohlik dasturi amalga oshiriladi. Dastur doirasida tirik qarindosh donorlardan uchta jigar transplantatsiyasini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Tashrifning eng muhim voqeasi — O‘zbekistonda ilk bor tirik qarindosh donor jigarining bir qismini laparoskopik usulda rezeksiya qilish va olingan jigar bo‘lagini retsipiyentga transplantatsiya qilish amaliyotining rejalashtirilganidir.

Mazkur texnologiyaning asosiy afzalligi shundaki, sog‘lom donor jigarining bir qismi an’anaviy katta kesma o‘rniga kichik kesmalar orqali ajratib olinadi. Ushbu kam invaziv usul jarrohlik jarohatini va operatsiyadan keyingi og‘riqni kamaytirish, shifoxonada davolanish muddatini qisqartirish hamda donorning tezroq tiklanishiga imkoniyat yaratadi. Bu, ayniqsa, yaqin insonining hayotini saqlab qolish uchun o‘z jigarining bir qismini ixtiyoriy ravishda berayotgan sog‘lom donor xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

Mazkur dasturni amalga oshirish uchun Toshkentga Xitoy muhandislik akademiyasi akademigi, «Renji Hospital» klinikasi prezidenti, taniqli xirurg-transplantolog professor Sya Syan boshchiligidagi sakkiz nafar mutaxassisdan iborat jamoa tashrif buyuradi. Professor Sya Syan rahbarligida jahondagi yirik jigar transplantatsiyasi markazlaridan biri shakllangan bo‘lib, ushbu klinikada 8 mingdan ortiq jigar transplantatsiyasi, jumladan, bolalarda qariyb 4 mingta shunday amaliyot bajarilgan.

Rejalashtirilgan operatsiyalar uchun Farg‘ona vodiysidan uchta qarindosh «donor–retsipiyent» juftligi tayyorlangan. Namangan viloyatidan 33 yoshli Ahmadjanova S.ga uning 34 yoshli opasi Ahmadjanova O. donor bo‘ladi; Farg‘ona viloyatidan 45 yoshli Yo‘ldashev K.ga uning 18 yoshli o‘g‘li Obidov S. jigarining bir qismini beradi; Namangan viloyatidan 42 yoshli Kimsanova D.ga esa uning 19 yoshli o‘g‘li Abdakimov S. donor bo‘lishi rejalashtirilgan.

Barcha klinik holatlar ikki tibbiyot muassasasi mutaxassislari tomonidan oldindan ko‘rib chiqilgan va muhokama qilingan. Operatsiyalar 11–13-oktabr kunlariga rejalashtirilgan bo‘lib, xitoylik va o‘zbekistonlik xirurglar, anesteziologlar hamda reanimatologlardan iborat qo‘shma jamoalar tomonidan amalga oshiriladi.

Jarrohlik dasturidan tashqari, xitoylik mutaxassislar jigar transplantatsiyasining zamonaviy texnologiyalari, kam invaziv xirurgiya, anesteziologiya, intensiv terapiya hamda donor va retsipiyentlarni operatsiyadan keyingi davrda davolash masalalari bo‘yicha mahorat darslari, ilmiy-amaliy seminarlar va klinik muhokamalar o‘tkazadilar.

Tashrif doirasidagi yana bir muhim voqea — Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va «Renji Hospital» klinikasi o‘rtasida hamkorlik memorandumining imzolanishidir. Ushbu hujjat yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini birgalikda o‘tkazish, mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish, ilg‘or xirurgik texnologiyalarni joriy etish hamda qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga qaratilgan uzoq muddatli hamkorlik uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Mazkur dasturning amalga oshirilishi O‘zbekiston transplantologiyasi rivojida muhim qadam bo‘lib, og‘ir jigar kasalliklariga chalingan bemorlarni davolash imkoniyatlarini kengaytirish, shu bilan birga, tirik donorlar xavfsizligini oshirishga qaratilgan zamonaviy kam invaziv texnologiyalarni mamlakatimiz tibbiyot amaliyotiga joriy etishga xizmat qiladi.