Qo‘shma jarrohlik dasturining birinchi kuni: tirik donordan jigar transplantatsiyasi
Yakshanba kuni bo‘lishiga qaramasdan, Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi jamoasi Xitoyning «Renji Hospital» klinikasi mutaxassislari bilan birgalikda xalqaro jigar transplantatsiyasi dasturi doirasidagi birinchi operatsiyani boshladi.
Birinchi bemor — Namangan viloyatidan 42 yoshli Kimsanova D. bo‘lib, u og‘ir jigar kasalligi bilan xastalangan. Unga 19 yoshli o‘g‘li Abdakimov S. onasining hayotini saqlab qolish maqsadida o‘z jigarining bir qismini donor sifatida berishga qaror qilgan.
Erta tongdan operatsiya xonalarida qizg‘in ish jarayoni davom etmoqda. Ikki mamlakat xirurglari va anesteziologlaridan iborat jamoalar zarur tayyorgarlik ishlarini yakunlab, rejalashtirilgan jarrohlik bosqichlarini bajarishga kirishdilar.
Tayyorgarlik ishlari reja asosida ketmoqda. Jamoalar operatsiyaning asosiy bosqichi — donordan olingan jigar bo‘lagini retsipiyentga transplantatsiya qilishga tayyor.
Oldinda barcha mutaxassislardan yuqori mas’uliyat va hamjihatlikni talab etadigan murakkab jarayon turibdi. Ushbu qo‘shma operatsiya o‘zaro tajriba almashish va jigar transplantatsiyasining zamonaviy texnologiyalarini o‘zlashtirishda muhim amaliy bosqich bo‘ladi.