MRT uchun 25% chegirma 18:00 dan keyin. Bizning xirurgiya markazi xalqimiz uchun shanba kuni qo‘shimcha faoliyat yuritadi.

Xadjibayev J. A. dissertatsiyasi avtoreferati

04.11.2026

Halqum, qizilo‘ngach va oshqozonning kuyishdan keyingi qo‘shma chandiqli torayishlari bo‘lgan bemorlarda diagnostika va jarrohlik taktikasini takomillashtirish

Muallif: Xadjibayev Jamshid Abduazimovich
Mutaxassislik: 14.00.27 — Xirurgiya
Ilmiy maslahatchi: Nizamxo‘jayev Zayniddin Maxamatovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.

Tadqiqotning dolzarbligi

Halqum, qizilo‘ngach va oshqozonning kuyishdan keyingi qo‘shma chandiqli torayishlari murakkab tibbiy muammolardan biri hisoblanadi. Ushbu patologiya diagnostikaga kompleks yondashuvni hamda jarrohlik taktikasini individual tanlashni talab qiladi. Bunday shikastlanishlar ovqat hazm qilish yo‘llari o‘tkazuvchanligining jiddiy buzilishlariga olib kelishi va bemorlarning hayot sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shu sababli diagnostika usullarini takomillashtirish, yangi rekonstruktiv-plastik jarrohlik usullarini ishlab chiqish va ixtisoslashtirilgan jarrohlik yordamining bosqichma-bosqich tizimini joriy etish muhim amaliy ahamiyatga ega.

Tadqiqotning maqsadi

Halqum va qizilo‘ngachning kuyishdan keyingi qo‘shma chandiqli torayishlari bo‘lgan bemorlarni davolash natijalarini yaxshilash maqsadida yangi rekonstruktiv-plastik jarrohlik usullarini ishlab chiqish hamda bosqichma-bosqich ixtisoslashtirilgan jarrohlik yordami tizimini joriy etish.

Tadqiqot materiallari va usullari

Tadqiqotga 2000–2023-yillar davomida 398 nafar bemorni tekshirish va davolash natijalari kiritilgan.

Tadqiqotning klinik bazasi akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hisoblanadi.

Ishda klinik-anamnestik, rentgenologik, endoskopik tekshiruv usullari, bronxoskopiya, multispiral kompyuter tomografiyasi (MSKT), sotsiologik va statistik tahlil usullaridan foydalanilgan.

Tadqiqotning ilmiy yangiligi

Tadqiqot davomida halqum, qizilo‘ngach va oshqozonning kuyishdan keyingi qo‘shma chandiqli shikastlanishlarining xususiyatlari o‘rganilgan, diagnostika va jarrohlik taktikasini tanlash yondashuvlari takomillashtirilgan.

Rekonstruktiv-tiklovchi operatsiyalar samaradorligini oshirishga qaratilgan faringokolоanastomoz shakllantirishning yangi mualliflik usuli ishlab chiqilgan. Mazkur usul uchun 2019-yil 22-mayda O‘zbekiston Respublikasi IAP №05835-sonli patenti olingan.

Tadqiqotning asosiy natijalari

398 nafar bemor tahlili natijasida qo‘shma shikastlanishlarning quyidagi taqsimoti aniqlangan:

  • Qizilo‘ngach va oshqozonning qo‘shma shikastlanishi — 62%;

  • Halqum, qizilo‘ngach va oshqozonning qo‘shma shikastlanishi — 21,6%;

  • Halqum va qizilo‘ngachning qo‘shma shikastlanishi — 16,3%.

216 nafar bemorda (54,3%) klinik manzarada qizilo‘ngach o‘tkazuvchanligining buzilishi ustunlik qilgan.

Tadqiqot doirasida 68 ta shuntlovchi faringokoloplastika operatsiyasi bajarilgan. Ishlab chiqilgan yangi usul qo‘llanilganda anastomoz yetishmovchiligi 2,9% ni tashkil etgan, taqqoslash guruhida esa ushbu ko‘rsatkich 7,4% bo‘lgan (p<0,05).

Yangi usul qo‘llanilgandan keyin chandiqli striktura rivojlanish chastotasi 5,1% ni, taqqoslash guruhida esa 24,1% ni tashkil etgan.

Tadqiqotning amaliy ahamiyati

Olingan natijalar halqum, qizilo‘ngach va oshqozonning kuyishdan keyingi qo‘shma chandiqli torayishlari bo‘lgan bemorlarni diagnostika qilish va jarrohlik yo‘li bilan davolashni takomillashtirishga xizmat qiladi.

Ishlab chiqilgan jarrohlik usuli operatsiyadan keyingi asoratlar chastotasini kamaytirish hamda rekonstruktiv-tiklovchi jarrohlik amaliyotlari natijalarini yaxshilashga qaratilgan.

Tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish

Tadqiqot natijalari 2026-yilda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Xorazm filiali hamda Samarqand shahri sog‘liqni saqlash tizimining klinik amaliyotiga joriy etilgan.

Ilmiy ishlar va tadqiqot natijalarining aprobatsiyasi

Dissertatsiya mavzusi bo‘yicha jami 25 ta ilmiy ish chop etilgan. Ularning 9 tasi ilmiy maqola bo‘lib, 7 tasi respublika, 2 tasi xalqaro ilmiy nashrlarda e’lon qilingan. Shuningdek, 1 ta patent olingan.

Tadqiqotning asosiy natijalari 5 ta ilmiy-amaliy konferensiyada taqdim etilgan. Ulardan 3 tasi xalqaro, 2 tasi respublika miqyosidagi konferensiyalardir.

Xulosa

Tadqiqot natijalari halqum, qizilo‘ngach va oshqozonning kuyishdan keyingi qo‘shma chandiqli torayishlari bo‘lgan bemorlarda diagnostika va jarrohlik taktikasini takomillashtirishga qaratilgan. Ishlab chiqilgan rekonstruktiv-tiklovchi jarrohlik usuli hamda ixtisoslashtirilgan yordamning bosqichma-bosqich tizimini joriy etish ushbu toifadagi bemorlarni davolash samaradorligini oshirishda muhim amaliy ahamiyatga ega.