MRT uchun 25% chegirma 18:00 dan keyin. Bizning xirurgiya markazi xalqimiz uchun shanba kuni qo‘shimcha faoliyat yuritadi.

Xivada “Vohidov o‘qishlari – 2026” XXX respublika konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda

news_in

26.09.2026

Qadimiy va afsonaviy Xiva shahrida “Vohidov o‘qishlari – 2026” XXX respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan tashkil etilgan anjumanda Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari, shuningdek, mamlakatimiz va qator xorijiy davlatlarning yetakchi jarrohlari, taniqli olimlar, ekspertlar hamda soha mutaxassislari qatnashyapti.

Tadbirda kasalliklarni erta aniqlash, bemorlarni ixtisoslashtirilgan markazlarga o‘z vaqtida yo‘naltirish, yuqori texnologiyali tibbiy yordam qamrovini kengaytirish va operatsiyadan keyingi reabilitatsiya samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilinmoqda.

Konferensiya dasturidan robotlashtirilgan va kam invaziv jarrohlik, kardioxirurgiya, tomir jarrohligi, transplantologiya, anesteziologiya va intensiv terapiyaning zamonaviy yutuqlari muhokamasi o‘rin olgan.

Shuningdek, jarrohlik amaliyotida sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va teletibbiyot imkoniyatlaridan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratilyapti.

Anjumanda mamlakatimiz mutaxassislari o‘pka va ko‘krak qafasi a’zolarida robot yordamida bajarilgan dastlabki 50 ta operatsiyaning klinik tajribasini taqdim etadi.

Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan ekspertlar ham zamonaviy jarrohlik usullari bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashadi.

Konferensiya doirasida jigar va buyrak transplantatsiyasi, yurak-tomir kasalliklarini jarrohlik yo‘li bilan davolash, murakkab operatsiyalardan keyingi asoratlarning oldini olishga oid ilmiy izlanishlar muhokama etiladi.